Chavandozimiz Jahon kubogining final bosqichiga jo'nab ketdi
Ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Nurjan Tuyakbayev joriy yilning 4-6-aprel kunlari AQShning Omaxa shahri (Nebraska shtati) mezbonlik qiladigan Jahon kubogining final bosqichida ishtirok etishi haqida maʼlum qilgan edik. Bugun musobaqada qatnashadigan Oʻzbekiston delegatsiyasi okean ortiga yoʻl oldi.
Turnirda 5 qitʼaning 19 mamlakatidan tashrif buyuradigan 41 nafar eng kuchli chavandozlar bahs olib borishadi. Bellashuvlar davomida hamyurtimizga “Lanselotta” laqabli tulpori hamrohlik qiladi. Eslatib oʻtamiz, sportchimiz oʻtgan yili 11 mamlakat vakillari oʻrtasida Yevrosiyo mintaqasida kechgan saralash bahslarida eng yuqori ball jamgʻarib, ushbu nufuzli turnirga yoʻl olgan edi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ilk bor AQShdagi ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etadigan chavandozimizga omad va zafarlar tilaydi.