Ravshan Irmatov va Ro‘ziqul Berdiyev qashqadaryolik yoshlar bilan “Kelajak yoshlari” futbol musobaqasida ishtirok etishdi
Qarshi shahrida joylashgan “Geolog” sport sog‘lomlashtirish majmuasida Qashqadaryo viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda viloyat Yoshlar Ishlari agentiligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi PF-6099-sonli Farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida “temir daftar”ga kiritilgan uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Kelajak yoshlari” futbol musobaqasi o‘tkazildi. Mazkur tadbirda MOQ hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov boshchiligidagi mutasaddilar ham ishtirok etishdi.
Bu musobaqaning ahamiyatli jihati shundan iborat bo‘ldiki, O‘zbekiston faxri, futbol bo‘yicha Jahon chempionatlarida bosh hakamlik qilish borasida rekordchi hisoblangan Ravshan Irmatov ham yoshlar bilan birgalikda maydonda to‘p tepdi va ularga o‘zgacha dalda bag‘ishladi.
Shuningdek, uyushmagan yoshlar o‘rtasida futbol shousi tarzida o‘tkazilgan mazkur musobaqada “Nasaf” klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ham ishtirok etib, ularga kerakli ko‘rsatmalarni berib o‘tdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan futbol shou musobaqasida ishtirok etgan jamoa yoshlari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.