29 Mart 2023 1421

Navbahor Hamidova: "Bir kun kelib, bokschi qizlarimiz ham yigitlarimiz kabi jahonda peshqadam boʻlishadi"

Kuni kecha Hindiston poytaxtida oʻtgan boks boʻyicha ayollar oʻrtasidagi jahon chempionatida hamyurtimiz Navbahor Hamidova (-66 kg) bronza medalini qoʻlga kiritdi. Ushbu natija mamlakatimizda ayollar boksi rivoji yuksalishda davom etayotganini yana bir karra koʻrsatdi. Quyida sportchimiz bilan musobaqa taassurotlari, yangi rejalar haqida tashkil qilgan kichik suhbatimizni eʼtiboringizga havola qilamiz:

– Jahon chempionatidagi ishtirokingizdan koʻngilingiz toʻldimi?
– Ochigʻi, garchi musobaqada shohsupaga koʻtarilgan boʻlsam ham, natijamdan toʻla qoniqmadim. Biz jamoamiz bilan bu musobaqaga katta tayyorgarlik koʻrgan edik va unda faqat oltin medalni niyat qilib qoʻygandim. Maqsadim faqat chempionlik boʻlgan. Ammo bu bronza medali kelgusi startlar oldidan oʻzimga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi. Janglarda yoʻl qoʻygan xatolarim ustida ishlab, yanada katta ishtiyoq bilan shugʻullanishda davom etaman.

– Chorak finaldagi magʻlubiyatdan keyin va final kuni tarqalgan xushxabardagi hislaringizni tasvirlab bera olasizmi? Har ikki holatda ichingizdan nimalar oʻtdi?
– Hozir aytganimdek, maqsadim faqat gʻalaba qozonish boʻlgani uchun chorak finaldagi magʻlubiyatdan keyin kayfiyatim juda tushib ketdi. Magʻlubiyat qattiq taʼsir qildi. Ammo qisqa fursat ichida oʻzimni qoʻlga oldim, yangi kuch topib, mashgʻulotlarni boshladim. Hali hammasi oldindaligi, bu magʻlubiyat bilan bari toʻxtab qolmasligini angladim. Taslim boʻlishga haqqim yoʻq edi. Final kuni Elshod aka Rasulov bronza medali bilan taqdirlanishim haqidagi xabarni aytganida boshida ishonmadim. Ustozim meni magʻlubiyatga uchratgan bokschi diskvalifikatsiya qilingani, kechqurun taqdirlash marosimida ishtirok etishim kerakligini aytganlaridan keyin barchasi butunlay oʻzgardi. Haqiqat baribir qaror topdi. Bu holatda katta hayajon boʻlmadi.

– Qolgan jamoadoshlaringizning ishtiroki haqida nima deya olasiz? Ularga nima yetishmadi?
– Barcha qizlarimiz musobaqada munosib jang qilishdi va ular ham shohsupaga koʻtarilishga loyiq edilar. Kimgadir tajriba, kimgadir omad yetishmadi. Barchamiz ringda gʻalaba uchun borimizni berdik. Aytganimdek, nafaqat men, balki barchamiz xatolarimiz ustida ishlab, keyingi musobaqalarga tayyorlanishda davom etamiz. Jamoamiz hali yosh. Bir kun kelib, bokschi qizlarimiz ham yigitlarimiz kabi jahonda peshqadam boʻlishadi.

– Bu yil hisobidan keyingi asosiy start hisoblangan Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlaridan nima kutyapsiz?
– Osiyo oʻyinlari men uchun yangi musobaqa boʻladi. Unda Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalar oʻynalish ehtimoli bor. Shu bois barcha sportchilar unga katta tayyorgarlik bilan kelishadi. Maqsadim soʻnggi qitʼa chempionatida erishgan gʻalabamni takrorlab, Osiyo oʻyinlarida ham oltin qoʻlga kiritish.

Text to speech