Ishchi guruh Parkent, Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarida
Respublika ishchi guruhining Toshkent viloyati boʻylab olib borayotgan oʻrganish ishlari davom etadi. MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining boʻlim boshligʻi Akrom Nizametdinov soha mutaxassislari bilan oʻtkazgan yigʻilishdan soʻng qator tumanlardagi sport obyektlarini koʻzdan kechirishdi.
Mutasaddilar Parkent, Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarida boʻlib, u yerlardagi mavjud infratuzilma bilan tanishishdi. Ushbu hududlardagi jamoaviy, yakkakurash, yengil atletika, suzish kabi sport turlariga ixtisoslashgan sport maktablari eʼtibor markazida boʻldi. Taʼkidlash oʻrinliki, joylardagi barcha muassasalarda ham moddiy-texnik baza yetarli emas. Shu bois, mazkur yoʻnalishga alohida ahamiyat qaratish zarurligi belgilab olindi.
Mutasaddilar oʻrganish ishlari davomida toʻgaraklarning faoliyati, ularga kelayotgan oʻquvchilarning soni boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-92-son qaroriga asosan olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishildi.