Surxon polvoni Abdullo Tangriyevni tabriklaymiz!
Bugun oʻzbek dzyudosining yorqin vakillaridan biri, Pekin-2008 Olimpiya oʻyinlarining kumush medali sovrindori Abdullo Tangriyev tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Tangriyev Abdullo Tovashevich 1981-yil 28-mart kuni Surxondaryo viloyatida dunyoga kelgan. Qahramonimiz oʻzi ishtirok etgan barcha musobaqalarda shohsupaga koʻtarilgan. Uning hisobida Osiyo chempionatlarining 5 ta, Universiada oʻyinlarining 2 ta oltin medali, Osiyo oʻyinlarining 1 ta kumush va 2 ta bronza medali mavjud. Shuningdek, Tangriyev 2011-yil mutlaq vazn toifasida jahon chempionligini, 2003, 2007 va 2009-yillar dunyo birinchiligining bronza medallarini qoʻlga kiritgan. 2008-yil esa Pekinda oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim etgan. Uning ushbu yuksak natijalari davlatimiz tomonidan “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” va “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Abdullo Tangriyevni tugʻilgan kuni bilan qutlab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.