Toshkent viloyatining sport infratuzilmasini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi
Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyatidan iborat Respublika ishchi guruhi viloyatlardagi sport infratuzilmasini o‘rganishda davom etadi. Bugun ushbu masala yuzasidan MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov hamda vazirlik bo‘lim boshlig‘i Akrom Nizametdinovdan Toshkent viloyatida bo‘lishdi.
Dastavval mutasaddilar Nurafshon shahriga tashrif buyurib, viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazishdi. Bunda hududlardagi sharoitlar, mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha fikr almashildi. Suhbat davomida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning hududiy bosqichlarini yuqori saviyada tashkil etish, musobaqalarni shaffof va odilona o‘tkazish, ishtirokchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.
Qolaversa, taqvim rejadan o‘rin olgan hududiy sport musobaqalarini moliyalashtirish holati va ularni o‘tkazish rejasi, “edo.ijro.uz” tizimida mas’ullarga yuklatilgan topshiriqlar ijrosi ham ko‘zdan kechirildi. Yig‘ilishda sohadagi faoliyatni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilib, ish samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng Nurafshon shahri va uning yaqinidagi bir qator sport ob’yektlari ko‘zdan kechirildi. O‘rganish davomida sport maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, murabbiylar malakasini oshirish kabi ustuvor masalalar yuzasidan vazifalar belgilandi.