Go‘zal Xubbiyeva hamda Yekaterina Shubinani tabriklaymiz!
Bugun yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Go‘zal Xubbiyeva hamda baydarkachimiz Yekaterina Shubina tavallud ayyomini nishonlashmoqda.
Go‘zal Xubbiyeva 1976-yil 2-may kuni Toshkentda tavallud topgan. Sportchilik faoliyatida sprinterlik yo‘nalishlarida (100 va 200 metr) ishtirok etib, Sidney-2000, Afina-2004, Pekin-2008 va London-2012 Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan. Shuningdek, Xubbiyeva Doxa-2006 Osiyo o‘yinlarida 1 tadan oltin va kumush, Guanchjou-2010 da esa 1 tadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Sprinterimiz hisobida Osiyo chempionatlarining ham oltin va kumush medallari mavjud.
Yekaterina Shubina 1988-yil 2-may kuni Toshkent viloyatida tavallud topgan. Baydarkachimiz Guanchjou-2010 Osiyo o‘yinlarida kumush va 2018-yil Indoneziyada turli masofalarda kumush va bronza medallari sovrindori. Hozirda Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi musobaqaga hozirlik ko‘rmoqda.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Go‘zal Xubbiyeva hamda Yekaterina Shubinani bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik va omad tilab qoladi.