25 Mart 2023 1442

Xitoy kompaniyasi bilan “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

“CNSG SPORTS DEVELOPMENT CO., LTD” (Xitoy) kompaniyasining xorijiy mamlakatlardagi qurilish ishlari boʻyicha masʼul vakili Sun Bodong hamda konsultatsiya-dizaynerlik boʻlimi rahbari Chjan Bo Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi. Shundan soʻng tomonlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokara olib borildi.

Kompaniya mamlakatimiz yaqin yillarda mezbonlik qiladigan yirik musobaqalarga birgalikda tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi. Shu bois “Toshkent-2025” IV yozgi Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlikda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchrashuvlarning bosh mavzusiga aylandi. Mehmonlar kompaniyaning soʻnggi yillarda qaysi loyihalarda ishtirok etgani xususida batafsil maʼlumot berishdi. Unga koʻra, kompaniya Xitoyda soʻnggi 15 yil ichida oʻtgan barcha kompleks musobaqalarda qurilish-montaj, tashkiliy ishlar, logistika, autsorsing kabi yoʻnalishlarda faol qatnashgan.

Shundan kelib chiqqan holda, Xitoy kompaniyasi “Toshkent-2025” IV yozgi Osiyo oʻyinlarining Tashkiliy qoʻmitasi uchun turli yoʻnalishlar, xususan, musobaqalarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmatlarini taklif qildi. Oʻz navbatida, Oybek Kasimov taklif uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻyinlarga tayyorgarlik jarayonida Xitoy tajribasi oʻrganib chiqilishi va buning asosida Respublika hukumatiga taklif kiritilishini maʼlum qildi.

Text to speech