1 May 2021 3271

“Tokio-2020” Olimpiya va “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

Turizm va sport vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov raisligida “Tokio-2020” Olimpiya va Paralimpiya, “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasi, Turizm va sport vazirligi, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalar rahbariyati va sohaga aloqador boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Tokio Olimpiadasiga olib borilayotgan tayyorgarlik xususida gapirib o‘tdi.

“Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan yaqinlashib kelayotgan Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga katta tayyorgarlik olib borilmoqda. Davlatimiz tomonidan sportchilarimizning kerakli darajada shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Terma jamoalardagi moddiy-texnik baza yana-da yaxshilandi. Hozir biz nafaqat Tokio-2020, baki sikli allaqachon boshlangan Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorgarlik olib bormoqdamiz. Bu borada katta ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Sportchilarimizning tajribalarini yana-da oshirish uchun xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari soni sezilarli ravishda ortdi. Natijalarni esa atletlarimiz xalqaro maydonda qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar zamirida ko‘rishimiz mumkin. Ammo shu bilan birga qiladigan ishlarimiz va yechimini kutayotgan maslalarimiz ham talaygina. Tokio-2020 Olimpiadasi startiga 82 kun vaqt qoldi. Bundan buyog‘iga bor eʼtiborni ana shu jarayonga qaratishimiz, unda imkon qadar sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtirok etishini taʼminlashimiz zarur”, – dedi MOQ raisi.

Shuningdek, Aziz Abduhakimov kun tartibidagi mavzular yuzasidan fikr bildirdi.

“Hukumatimiz tomonidan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tayyorgarlik jarayonida sportchilarimizning xalqaro arenalardagi ishtiroki, ularning Olimpiadaga tayyorgarligi bo‘yicha ajratilgan mablag‘lar Rio-2016 Olimpiadasiga solishtirganda 140 foizdan katta ko‘rsatkichni tashkil etmoqda. Qolaversa, terma jamoalarga 20 nafardan ortiq xorijiy mutaxassislar jalb qilindi. Hozirgi kunda Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga jami 57 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan bo‘lib, 41 tasi Olimpiya va 16 Paralimpiya sport turlariga to‘g‘ri keladi. Iyul oyi oxiriga qadar yana 32 ta Olimpiya va 21 ta Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi rejalashtirilgan”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Yig‘ilish davomida viloyat hokimlari o‘rinbosarlariga yo‘llanma qo‘lga kiritilishi kutilayotgan sportchilarimizning oilasidan xabar olish, sharoitini chuqurroq o‘rganish, joylarda paralimpiya sport turlariga eʼtiborni yana-da kuchaytirish, bu yo‘nalishda faol seleksiya siyosatini yuritish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, tadbir doirasida Olimpiada yo‘llanmalari Respublikamiz viloyatlari kesimida ko‘rib chiqildi va bunda bor yo‘g‘i bittadan litsenziatga ega bo‘lgan Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridagi holatga tanqidiy baho berildi.

Yig‘ilishda MOQ raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari Tokio Olimpiadasiga olib borilayotgan tayyorgarlik, erishilgan yutuqlar, kutilayotgan litsenziyalar qatori yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklar haqida fikr bildirishdi.

Tadbir davomida MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi direktori Oybek Kasimov yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik, seleksiya ishlari borasida hisobot berdi.

Aziz Abduhakimov yakuniy so‘z o‘rnida Prezidentimiz bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida atletlarimizdan yuksak natijalar kutayotgani, professional sport qatori ommaviy sportni ham rivojlantirish kabi masalalarga ahamiyat berish lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

Text to speech