Namanganda velotrek boʻyicha xalqaro turnir boshlandi
Namanganda velotrek boʻyicha “Silk Road Namangan” xalqaro musobaqasiga start berildi. 2-aprelga qadar davom etadigan bahslarda hamyurtlarimizdan tashqari Buyuk Britaniya, Eron, Qozogʻiston, Gonkong, Quvayt, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 120 nafardan ziyod sportchi gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda.
Musobaqaning birinchi kunida tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi oʻrinbosari Kozim Oʻrinboyxoʻjayev ishtirok etib, bu kabi turnirlarning tashkil etilishi Respublikamiz boʻylab sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishda katta yordam berishi haqida alohida toʻxtalishdi.
Musobaqa erkaklar va yollar oʻrtasida yakkalik hamda jamoaviy dasturlarda oʻtkaziladi. Unda yurtimiz sharafini Dmitriy Bocharov, Danil Yevdokimov, Aleksey Fomovskiy, Edem Eminovlardan iborat erkaklar hamda Sofiya Karimova, Margarita Misyurina, Madina Qahhorova, Nafosat Qoʻziyevalardan tashkil topgan ayollar jamoalari, shuningdek, yana asosiy jamoaga zaxira sifatida tayyorlab kelinayotgan koʻplab yosh sportchilar himoya qilishadi.
Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasining maʼlum qilishicha, ushbu turnirda gʻolib boʻlgan sportchilar Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga reyting ochkolarini qoʻlga kiritishi mumkin.