Olimpiyachilarimizni emlash jarayoniga tayyorgarlik boshlandi
MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov ishtirokida terma jamoalarimizdagi epidemiologik vaziyat nazoratini yana-da kuchaytirish, sport turlari bo‘yicha ommaviylikni oshirish, asosiy jamoaga raqobatbardosh kuchli zaxira sportchilarini seleksiya qilish, shuningdek, Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan jamoamizni vaksinatsiyaga tayyorlash kabi masalalarga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ qoshidagi RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov, federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari va MOQ xodimlari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida MOQ raisi o‘rinbosari kun tartibidagi mavzular haqida gapirib o‘tdi.
“Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji sportimizning asosiy zaxira maskani hisoblanadi. Shunday ekan, u yerda bilim olayotgan yoshlarimizga eʼtiborni kuchaytirish, iqtidorli o‘quvchilarni saralashga ahamiyat berish lozim. Shuningdek, O‘zDJTSU, Malaka oshirish markazi bilan ham hamkorlikni mustahkamlash kerak bo‘ladi. O‘zimiz faoliyat olib borayotgan sport yo‘nalishida ommaviylikni oshirishga ham ahamiyat qaratish kerak. Bu borada viloyatlar kesimida har oy kamida 1 marotaba yirik ommaviy musobaqalar tashkil qilinsin. Qolaversa, yig‘in olib borayotgan sportchilarimizning salomatligini saqlash, epidemiologik nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘ramiz”, – dedi Sherzod Tashmatov.
Yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzularidan biri Olimpiadaga tayyorlanayotgan sportchilarimizni emlash oldidan ularning holatini o‘rganish, jamoa aʼzolaridan qon tahlillarini olish masalasi bo‘ldi. Bu bo‘yicha Abdushukur Sadikov 1 may sanasidan boshlab ishlab chiqilgan rejani federatsiyalar mutasaddilari bilan muhokama qilib oldi. Unga ko‘ra, bugundan gimnastika va sport kurashlari bo‘yicha terma jamoalarimiz vakillaridan (sportchi, murabbiy, massajchi, shifokor va boshqalar) chuqurlashtirilgan qon tahlillari olinadi.
Yakunda yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirilib, soha mutasaddilariga topshiriqlar belgilandi.