Parij-2024 Olimpiadasi uchun volontyorlarni qabul qilish boshlandi
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining tashkiliy qoʻmitasi boʻlajak musobaqada koʻngilli sifatida ishtirok etishni istagan volontyorlar uchun onlayn platformani ishga tushirdi. 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida koʻngilli sifatida qatnashishni xohlovchilar oʻzlari haqidagi maʼlumotni quyidagi havola orqali toʻldirishlari mumkin.
Tashkiliy qoʻmitaning maʼlum qilishicha, boʻlajak musobaqa uchun butun dunyodan 45 ming nafar koʻngilli tanlab olinadi. Volontyorlikka talablar mavjud boʻlib, nomzod 2024-yil 1-yanvar holatiga koʻra 18 yoshdan kichik boʻlmasligi, ingliz yoki fransuz tilini mukammal bilishi, Olimpiya yoki Paralimpiya oʻyinlarida 10 kundan kam boʻlmagan muddatda ishlashga tayyor boʻlishi lozim. Talabnomalarni qabul qilish 3-mayga qadar davom etadi.