23 Mart 2023 1612

Taekvondo boʻyicha oʻzbekistonlik ilk Olimpiada chempioni Ulugʻbek Rashitovni tabriklaymiz!

Bugun taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Ulugʻbek Rashitov tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Rashitov Ulugʻbek Ismatullayevich 2002-yil 23-mart kuni Toshkentda tugʻilgan. Yosh sportchimiz 2018-yil Tunisda oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza, oʻsha yil Argentinaning Buenos-Ayres shahrida oʻtgan oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlarida kumush medaliga sazovor boʻlgan. 2019-yil yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida oltin medal qoʻlga kiritish barobarida musobaqaning eng yaxshi sportchisi ham boʻlgan edi. Keyinchalik Uxanda oʻtgan harbiylar oʻrtasidagi jahon chempionatida oltin medal sohibiga aylandi. Shundan soʻng yana bir qator musobaqalarda oʻzining yuksak mahoratini koʻrsatdi. Ayniqsa, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida oltin medalga sazovor boʻlishi oʻzbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Aynan u oʻzbek taekvondochilari orasida Olimp shohsupasiga koʻtarilgan birinchi atletdir. Koʻrsatgan xizmatlari evaziga Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yili “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Ulugʻbek Rashitovni tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʻalabalar tilab qoladi.

Text to speech