20 Mart 2023 1355

Tailandda V Atletlar forumi oʻtkazildi

18-19-mart kunlari Tailandning Bangkok shahrida V Atletlar forumi boʻlib oʻtdi. Olimpiya birdamligi loyihasi asosida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Mazkur Forumni oʻtkazishdan maqsad Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, OOK va uning Atletlar komissiyasi, Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, mintaqada Olimpiya harakatini kuchaytirishdir.

Tadbir davomida oldinga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda har bir MOQning oʻrni, uning XOQ hamda OOK qoshida tuzilgan Atletlar komissiyasi oʻrtasida bogʻlovchi ekani haqida alohida toʻxtalib oʻtildi. Bu borada Xalqaro chim ustida xokkey federatsiyasi prezidenti, OOK Atletlar komissiyasi vitse-prezidenti, XOQ aʼzosi Dato Tayab Ikram oʻz chiqishida batafsil gapirib oʻtdi. Shuningdek, u Oʻzbekiston bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, mamlakatimizda chim ustida xokkey rivoji jadal suratlarda borayotgani, buning natijasida ushbu sport turidagi erkaklar va ayollar terma jamoalarimiz Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma olgani haqida alohida taʼkidladi. Mazkur hamkorlik OOK rahbariyati va tadbir qatnashchilari tomonidan yuqori baholandi.

Maʼlumki, oʻtgan yili mamlakatimizda ham 7 nafar professional sportchilardan iborat Atletlar komissiyasi tashkil etilgan edi. Bu borada yurtimizda ham sportchilarning manfaatlari, huquqlarini himoya qilish va ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, OOK va Olimpiya birdamligi koʻmagida taʼlim dasturlarida ishtirok etish borasidagi faoliyatini faollashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Text to speech