“Navro‘z sayli”da yosh sportchilar uchun yangi majmualar foydalanishga topshirildi
Bugun poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Navro‘z sayli” o‘tkazildi. Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Adham Ikramov boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov hamda Sherzod Tashmatov, Markaz rahbariyati va yuzlab yosh sportchilarimiz ishtirok etishdi.
Markazda Respublikamizdagi viloyatlarning urf-odatlari, turli an’analari, tansiq taomlari ko‘rsatib berildi. Bu orqali yosh chempionlar va mehmonlar mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixiy an’analari bilan yaqindan tanishishdi.
Yana bir ahamiyatli tomoni, bayram bayramga ulanib, Markazdagi qayta ta’mirlangan futbol maydoni, yangi qurilgan kamondan otish majmuasi bugun o‘quvchilar ixtiyoriga tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirning ochilish qismida so‘z olgan rasmiylar bu majmualar kelgusida yangi chempionlarni tarbiyalash yo‘lida xizmat qilishini, milliy urf-odatlarimizni o‘zida jam qilgan bunday bayramlar yurtimizning boy tarixini yanada chuqur anglashga yordam berishini alohida ta’kidlashdi.
Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish “estafeta”sini boshlab berdi.
“Navro‘z sayli” shu tariqa yorqin kuy-qo‘shiq va raqslar, samimiy suhbat va badiiy chiqishlar bilan davom etdi.