16 Mart 2023 1356

“Navroʻz” sportimiz faxriylariga yasharish kayfiyatini ulashdi

Umumxalq bayramlar arafasi umrining katta qismini oʻzbek sporti rivojiga baxshida qilgan faxriylarga yuksak hurmat va ehtirom koʻrsatib kelinadi. Ushbu anʼana davom etib, sportimiz fidoyilari ishtirokida yaqinlashib kelayotgan “Navroʻz” bayrami munosabati bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Kasaba uyushmalari federatsiyasi masʼul vakili Bahodir Tojiyev, faxriylarimizni tabriklash uchun MOQda jam boʻlishdi.

Tadbir avvalida Bahodir Maxsitov barchani kirib kelayotgan yangilanish va yasharish fasli bilan muborakbod etib, faxriylarimizning uzoq yillik fidoyi mehnati uchun ularga yana bir bor minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, vazirlik va MOQ rahbariyati ham faxriylarimiz hamisha davlatimizning eʼtiborida ekani, ularning boy tajribasi, hozirgi avlodga qoldirgan maktabi evaziga oʻzbek sporti mana shunday yutuqlarga erishib kelayotganini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng barcha faxriylarga bayram sovgʻalari va pul mukofotlari tarqatildi.

Qayd etish joiz, tadbir davomida Oybek Kasimov kuni kecha oʻzining yubiley 80 yoshini qarshi olgan sportning yakkakurash turlari boʻyicha mutaxassis, koʻplab shogirdlarni yetishtirgan faxriy murabbiy Omon Toymurodovni qutlab, unga MOQning esdalik medalini topshirdi. Shuningdek, yana bir qator faxriylarga Kasaba uyushmalari federatsiyasining koʻkrak nishonlari ham taqdim etildi.

Oʻz navbatida, faxriylarimiz koʻrsatilayotgan bunday ehtirom ularni yanada ruhlantirgani, hozir ham oʻzbek sporti rivoji uchun xizmat qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Text to speech