16 Mart 2023 1624

Alisher Alimov Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi lavozimiga qayta saylandi

Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Tadbir kun tartibidan assotsiatsiya rahbariyatining soʻnggi 4 yillik faoliyati boʻyicha hisoboti, tashkilotga yangi raisi va Bosh kotib saylash masalalari oʻrin oldi. Konferensiyada Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xalqaro sambo federatsiyasi (FIAS), Osiyo-Okeaniya sambo federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbirni Shahrullo Mahmudov kirish soʻzi bilan ochib berdi. Vazir oʻrinbosari sambo soʻnggi yillarda yurtimizda katta oʻsishga erishgani, yoshlar orasida sevimli sport turlaridan biriga aylanib borayotgani, shuningdek, huquq-tartibot sohasi vakillarining jangovar tayyorgarligini kuchaytirishda katta yordam berayotganini alohida taʼkidladi.

Shundan soʻng assotsiatsiya raisi Alisher Alimov soʻnggi 4 yillik faoliyati boʻyicha hisobotini taqdim qildi. Unda ushbu davrda sambo bilan shugʻullanuvchilar soni ortgani, yurtimizdagi Olimpiya harakatida oʻz oʻrniga ega boʻlayotgani, qolaversa, poytaxtimizda Osiyo va jahon chempionatlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani xususida toʻxtaldi. Hisobot delegat aʼzolari tomonidan qabul qilingach, kun tartibidagi asosiy masalaga oʻtildi.

Unga koʻra, assotsiatsiya raisligiga tashkilotning viloyat boʻlimlari tomonidan amaldagi rahbar Alisher Alimov nomzodi ilgari surildi va bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi. Shu tariqa, Alisher Alimov navbatdagi muddatga Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasining raisi etib saylandi. Shuningdek, Roman Shakirov yana 4 yil davomida assotsiatsiya Bosh kotibi vazifasini bajaradigan boʻldi.

Oʻz navbatida, Alisher Alimov bildirilgan ishonch uchun tashakkur aytib, kelgusida ham oʻzbek sambosini yanada rivojlantirish, sportchilarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari salmogʻini oshirish, yurtimiz sporti rivojiga hissa qoʻshish uchun bor kuch-gʻayratini ishga solishini maʼlum qildi.

Tadbir davomida FIAS prezidenti apparati rahbari Aleksandr Korsik Oʻzbekiston Xalqaro sambo assotsiatsiyasining faol aʼzolaridan biri ekani, kelgusida oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan mamnun boʻlishini bildirdi. Shuning bilan Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech