Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda MOQ rahbariyati ROPSTTMga tashrif buyurdi
Bugun Alisher Saʼdullayev boshchiligidagi Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari, shuningdek, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi ishchi guruh Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boʻlib, u yerdagi sharoitlarni oʻrgandi.
Mutasaddilarga Markaz rahbariyati hamrohlik qildi. Ishchi guruh u yerdagi har bir boʻlim faoliyati bilan yaqindan tanishib, oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, dars jarayonlari haqida batafsil maʼlumot oldi. Shuningdek, har bir sport turi uchun ajratilgan binolardagi inventarlarning holatini doimiy koʻzdan kechirib borish, Markazning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Tashrif davomida ertaga oʻtkaziladigan "Navroʻz sayli" tadbiriga olib borilayotgan tayyorgarlik ham oʻrganildi. Yosh sportchilar uchun bayramona kayfiyat ulashish, tadbirni koʻtarinki ruhda oʻtkazish boʻyicha masʼullarga kerakli vazifalar belgilandi.