Dopingdan holi sport olami sari birlashamiz!
Ayni kunlarda Shveysariyaning Lozanna shahrida Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning yillik simpoziumi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur anjumanda yuzlab xalqaro federatsiyalar, milliy va mintaqaviy antidoping tashkilotlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov ham ishtirok etmoqda.
15-16-mart kunlari boʻlib oʻtadigan tadbirning birinchi kunida anjumanning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda WADA prezidenti Vitold Banka soʻzga chiqib, simpozium ishtirokchilariga halol sport yoʻlida samarali faoliyat olib borayotganliklari uchun minnatdorlik bildirdi.
Shundan soʻng anjuman oʻz ishini boshladi. Simpoziumning birinchi kunida davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik, ularning WADA kodeksiga boʻlgan munosabati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan sohaga oid taʼsis qilingan konvensiya haqida soʻz bordi. Shuningdek, tadbir davomida boshqa turli masalalar ham muhokama qilinmoqda.