11 Mart 2023 1372

"Dunyoda qilichbozlikni ommalashtirish, muammo va yechimlar" mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻtkazildi

Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatidan soʻng Toshkentda qilichbozlik boʻyicha qitʼalararo konferensiya boʻlib oʻtdi. “Hyatt” mehmonxonasida oʻtgan tadbirda Osiyo, Afrika, Pan Amerika qilichbozlik konfederatsiyalari mutasaddilari, shuningdek, mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, mamlakat qilichbozlik federatsiyasi raisi Maqsud Abdusamatov ishtirok etishdi.

Konferensiya "Dunyoda qilichbozlikni ommalashtirish, muammo va yechimlar" mavzusida tashkil qilindi. Unda rasmiylarimiz mamlakatimizda qilichbozlikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, Prezidentimizning bu boradagi islohotlari xususida toʻxtalib oʻtishdi. Shuningdek, har bir mintaqa mutasaddilari oʻz hududlarida qilichbozlikning rivoji, ommalashuvi, qolaversa, yechimini kutayotgan bir qator muammolar xususida gapirib oʻtishdi. Konferensiya yakunida rivojlanayotgan mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni kerakli inventarlar bilan taʼminlash, murabbiy va hakamlar uchun seminarlar tashkil etish kabi istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Shundan soʻng Osiyo chempionati yakuniga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda qitʼa birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoamiz vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi. Anjuman davomida sportchilarimizning erishgan yutuqlari, joriy yil terma jamoa oldiga qoʻyilgan rejalar, jahon chempionatiga tayyorgarlik kabi mavzularda qizgʻin savol-javoblar boʻldi. Eslatib oʻtamiz, 2-9-mart kunlari oʻtgan musobaqada oʻsmirlarimiz umumjamoa hisobida ikkinchi, yoshlarimiz esa birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Text to speech