Sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi masʼuliyatli musobaqalarga tayyorgarlik koʻryapti
Shu kunlarda sport kurashlari boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkent viloyatining Ugom oromgohida navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib bormoqda. Joriy yigʻin kelasi oy Qozogʻistonda oʻtadigan Osiyo chempionati tayyorgarligiga qaratilgan. Bugun MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov sportchilarimizning mashgʻulotlarini koʻzdan kechirdi.
Qayd etish joiz, bu yil kurashchilarimizni qitʼa birinchiligidan tashqari Osiyo oʻyinlari, Parij-2024 Olimpiadasi uchun litsenzion jahon chempionati kabi yirik musobaqalar kutib turibdi. Shu bois, har bir yigʻinni maksimal darajada oʻtkazish, sportchilarning tayyorgarligini kuchaytirish asosiy darajaga koʻtariladi.
Sherzod Tashmatov oʻrganish davomida atletlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Sportchilarning mashgʻulotini kuzatib, ular bilan tayyorgarlik haqida suhbatlashdi. Shuningdek, oʻrganish yakunida murabbiylar shtabi bilan har bir sportchi ustida individual ishlash, asosiy raqiblarni har tomonlama oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berib oʻtdi.