10 Mart 2023 1347

Yengil atletikachilarimiz V Toshkent xalqaro marafoniga shay

Toshkentga marafon havosi kirib kelmoqda. Xabaringiz bor, 12-mart kuni poytaxtimizda V Toshkent xalqaro marafoni va Respublikamiz boʻylab “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida musobaqaga bagʻishlangan navbatdagi matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi oʻrinbosari Andrey Abduvaliyev va federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, har bir viloyatlardagi Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi mutasaddilari (ZOOM orqali), OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval rasmiylar musobaqa ahamiyati haqida toʻxtalishdi. Xususan, bu kabi ommaviy yugurish musobaqalari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishda katta ahamiyat kasb etishini, Toshkent xalqaro marafonining nufuzi yanada ortib borayotgani xususida gapirib oʻtishdi. Shundan soʻng mamlakat yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari musobaqa haqidagi yakuniy maʼlumotlarni taqdim qilishdi.

Ularning taʼkidlashicha, 3 km, 10 km, yarim marafon va marafon bahslarida ishtirok etish uchun 20 dan ortiq mamlakatdan 5500 nafar professional va havaskor sportchilar roʻyxatdan oʻtgan. Ular orasida Osiyo oʻyinlari gʻolibi, jahon chempionatlarida ishtirok etgan bir qator taniqli sportchilar ham bor. Qolaversa, tadbir davomida gʻolib va sovrindorlarga beriladigan medallar hamda esdalik sovgʻalarining dizayni namoyish etildi.

Federatsiya Bosh kotibining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrgan. Jumladan, yarim marafon dasturida qatnashadiganlardan Shohruh Davlatov Keniyada, Yekaterina Tunuskova mamlakatimizning oʻzida, marafonchi Marina Xmelevskaya esa Qirgʻizistonda mashgʻulot oʻtkazdi. Shuningdek, tadbirda viloyatlardagi mutasaddilar oʻz hududlarida musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik xususida maʼlumot berishdi.

Ertaga marafon ishtirokchilari uchun texnik yigʻilish va bolalar uchun “Kids run” yugurish musobaqasi boʻlib oʻtadi. 12-mart kuni soat 08:00 dan V Toshkent marafoni va Respublikamizning barcha hududlarida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasiga start beriladi.

Text to speech