Eshkak eshuvchilarimizning tayyorgarligi koʻzdan kechirildi
Ayni kunlarda eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Toshkent viloyatidagi Tuyaboʻgʻiz suv omborida navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib bormoqda. Bugun MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov sportchilarning mashgʻulotini kuzatish uchun terma jamoa bazasiga tashrif buyurdi.
Eshkak eshuvchilarimizni joriy yil litsenzion jahon chempionati, Osiyo oʻyinlari kabi nufuzli musobaqalar kutib turibdi. MOQ raisi oʻrinbosari oʻrganish davomida murabbiylar shtabi bilan tayyorgarlik rejasining borishi, atletlarga yaratilgan sharoitlar, ovqatlar ratsioni, mashgʻulotlar grafigi haqida atroflicha fikr almashdi.
Qayd etish joiz, joriy yilning aprel oyida Samarqandda oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida qitʼa chempionati boʻlib oʻtadi. Sherzod Tashmatov tashrif davomida ushbu musobaqaga hozirlik koʻrayotgan yosh sportchilarimiz bilan ham uchrashib, ularning kayfiyati, tayyorgarligi haqida suhbatlashdi. Yakunda murabbiylar shtabi va federatsiya mutasaddilariga tayyorgarlikni yanada kuchaytirish, terma jamoa uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berildi.