Toshkent "Katta dubulg'a" turnirining tantanali ochilish marosimi o'tkazildi
"Yunusobod sport majmuasi" mezbonlik qilayotgan dzyudo bo'yicha Toshkent "Katta dubulg'a" turnirining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda musobaqa ishtirokchilari, shahrimiz mehmonlari, OAV vakillari ishtirok etishdi. Rasmiylar nomidan xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Odil Abdurahmonov so'zga chiqishdi.
O'z nutqida IJF prezidenti mamlakatimiz mazkur musobaqaga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rgani, Dzyudochilarimizning xalqaro maydonda ulkan natijalar qo'lga kiritib kelayotgani xususida to'xtaldi. Shuningdek, Odil Abdurahmonov Prezidentimizning qo'llab-quvvatlashi bilan mamlakatimizda dzyudo sportining rivoji yangi bosqichga chiqayotgani haqida gapirdi.
Shundan so'ng marosimni badiiy chiqish va kuy-qo'shiqlar yakunlab berdi. Birozdan so'ng, soat 17:00 da musobaqaning ikkinchi kunidan o'rin olgan final blokiga start beriladi.