V Toshkent xalqaro marafonining ishtirokchilari besh ming nafardan ortdi
12-mart kuni V Toshkent xalqaro marafoni va Respublikamizning 14 hududida o'tadigan "Yangi nafas" ommaviy yugurish musobaqasi oldidan matbout anjumani tashkil etildi. O'zbekiston yengil atletika federatsiyasining asosiy homiysi "O'zbekneftgaz" AJ ofisida o'tgan tadbirda Milliy Olimpiya qo'mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, federatsiya raisi o'rinbosarlari Kamoliddin Usmonov va Andrey Abduvaliyev, federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Ro'zimuhammedov ishtirok etishdi.
Tadbirda so'z olgan Oybek Kasimov marafonning ahamiyati xususida to'xtalar ekan, bu kabi musobaqalar mamlakatimizda Olimpizm targ'ibotini kuchaytirishi, normativ bajargan atletlarga Parij-2024 yo'llanmalari, yuqori natija qayd etgan boshqa ishtirokchilarga qimmatli reyting ochkolarni taqdim etishi haqida to'xtaldi.
Federatsiya mutasaddilari musobaqaga tashkiliy tomondan katta tayyorgarlik ko'rilayotgani, ayni paytgacha barcha yo'nalishlarda 5000 mingdan ortdiq ishtirokchi ro'yxatdan o'tgani haqida ma'lumot berishdi. Poyga ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida trassa bo'ylab tibbiyot punktlari joylashtiriladi. Shuningdek, asosiy tadbirdan bir kun oldin bolalarni sportga yanada qiziqtirish maqsadida "Kids run" poygasi o'tkazilishi ma'lum qilindi.
Anjuman davomida "Yugur" mobil ilovasi taqdimoti bo'ldi. Unda ro'yxatdan o'tgan har bir shaxs kun davomida qancha masofani bosib o'tgani, yugurish vaqtidagi natijalarini kuzatib borishi mumkin. Ilova faollashtirilgan bo'lib, barcha mobil qurilmalar uni yuklab olish imkoniyatiga ega.
Anjuman davomida OAV ishtirokchilari musobaqa yuzasidan o'zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Eslatib o'tamiz, marafon 12-mart kuni soat 08:00 da start oladi. Unda ishtirokchilar 3 km, 10 km, yarim marafon va marafon yo'nalishlari bo'yicha bellashishadi.