3 Mart 2023 1297

Xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlik loyihalari koʼrib chiqildi

Bugun bir qator xorijiy kompaniyalarning vakillari mamlakatimiz bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasiga tashrif buyurishdi. Jahon sportida katta nomga ega boʼlgan kompaniyalar bilan oʼtgan uchrashuv har ikki tomonda katta qiziqish uygʼotdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʼzbekiston xokkey federatsiyasi Bosh kotibi Shukurullo Karimov, Qishki sport turlari assotsiatsiyasi Ijrochi direktori Xurshid Yunusov ishtirok etishdi.

Mehmonlarni Oybek Kasimov kutib oldi. Dastavval ularga oʼzbek sportining boy tarixi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan mamlakatimizda sogʼlom turmush tarzi va Olimpizm gʼoyalarini targʼib qilish boʼyicha olib borilayotgan ishlar, xususan, qishki sport turlari rivojiga berilayotgan eʼtibor haqida gapirib berdi. Shundan soʼng “Markaziy Osiyoda turizm va qishki sport infratuzilmasining biznes imkoniyatlari” loyihasi asosida tashrif buyurgan mehmonlar oʼz loyihalari bilan batafsil tanishtirishdi.

Delegatsiyaning barcha aʼzolari Yevropa kompaniyalarining mutasaddilari boʼlib, ularning tashkilotlari changʼi va muz sport turlarida kurort maskanlar qurish va ularni loyihalashtirish, sport inventarlarini ishlab chiqarish, musobaqalar oʼtkazish uchun maydonlar barpo etish, obʼektlardagi kuzatuv kameralari va xavfsizlik tizimi yoʼnalishlarida ulkan yutuqqa erishgan. Аyniqsa, changʼiga moslashgan yoʼllarda turistlarning harakatlanishi uchun moʼljallangan qurilma koʼpchilikda katta qiziqish uygʼotdi.

Uchrashuvda "Axess AG", "ENITED Business Events GmbH", "Fischer Sports GMBH", "ILF Consulting Engineers", "Gravity Cart GmbH", "PANOMAX GmbH", "Solkov GmbH", "Technoalpin Austria GmbH" kompaniyalarining taqdimoti haqida atroflicha fikr almashildi. Yakunda MOQ Bosh kotibi bu loyihalar Oʼzbekiston tomonida katta qiziqish uygʼotgani, ular bilan hamkorlik mamlakatimizda qishki sport turlari, ayniqsa, sport turizmini yanada rivojlantirishga ulkan hissa qoʼshishini bildirdi.

Text to speech