Ishchi guruh poytaxtda joylashgan sport ta'lim muassasalarining faoliyati va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni o'rgandi
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi rahbariyatining hududlarda yangi tizim asosida ishlarni tashkil etish hamda joylarda yoshlar bilan ishlash va sport sohasida olib borilayotgan ishlar holatini o'rganish jarayoni davom etadi. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtimizdagi tumanlarni ko'zdan kechirdi.
Mutasaddilar o'rganish ishlari davomida Chilonzor, Yakkasaroy, Mirobod tumanlaridagi ixtisoslashtirilgan sport ta'lim muassasalari, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining faoliyati bilan tanishishdi. Har bir manzilda ishchi guruhga o'sha hududdagi yoshlar yetakchisi hamrohlik qildi. Mahallalardagi yoshlarning sportga jalb qilinganlik holati, ular uchun faoliyat yuritayotgan to'garaklar, bir so'z bilan aytganda, yoshlarni sport bilan qamrab olish ko'rsatkichlari batafsil o'rganildi.
Sport maktablarining uslubchi va murabbiylari bilan suhbatda bolalar uchun yo'lga qo'yilgan darslar jadvali, zallarning inventarlar bilan ta'minlanganlik holati ko'zdan kechirildi. Mutasaddilar tibbiyot bo'limlarini ham nazardan chetda qoldirmadi. Xususan, ishchi guruh rahbari tibbiyot daftarchalarini ko'zdan kechirib, maktab shifokori va hamshirasi bilan yaratilgan sharoitlar bo'yicha suhbatlashdi. O'rganish ishlari yakunida barcha mas'ullarga ish faoliyatini yanada samarali yo'lga qo'yish bo'yicha tegishli ko'rsatmalar berildi.