2 Mart 2023 2284

Boks boʻyicha Toshkentda oʻtadigan jahon chempionati haqida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan munosabat

Oʻzbekiston boks federatsiyasi joriy yil poytaxtimizda boʻlib oʻtadigan erkaklar oʻrtasidagi jahon chempionati xususida baʼzi internet manbaalarida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Bugungi kunda dunyoda hukm surayotgan siyosiy vaziyat sabab ayrim internet manbaalari va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 30-aprel - 14-may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtadigan boks boʻyicha jahon chempionati haqida noxolis xabarlar tarqalmoqda. Oʻzbekiston boks federatsiyasi shu oʻrinda vaziyatga oydinlik kiritib oʻtadi.

Har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etiladi. Oʻzbekiston tomoni musobaqada ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan mamlakatlarning qatnashish yoki qatnashmasligini belgilash vakolatiga ega emas. Oʻzbekiston musobaqani oʻtkazuvchi davlat hisoblanadi va tashkiliy masalalar bilan shugʻullanadi.

Chempionat qatnashchilari, terma jamoalar, sportchi va murabbiylar, hakamlarni roʻyxatdan oʻtkazish IBA tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakatimiz musobaqani qabul qilish huquqini qoʻlga kiritgan vaqtda terma jamoalar yoki sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki boʻyicha bugungi cheklovlar yoʻq edi.

Oʻzbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat boʻlib, sport siyosatdan holi tamoyilini qoʻllab-quvvatlaydi.

Text to speech