1 Mart 2023 1139

Qashqadaryodagi sport infratuzilmasi mutasaddilar nigohida

Yoshlar siyosati va sport vazirining buyrugʼiga binoan hududlarda yangi tizim asosida ishlarni tashkil etish hamda joylarda yoshlar bilan ishlash va sport sohasida olib borilayotgan ishlar holatini oʼrganish yuzasidan Respublika ishchi guruhi tuzilgan boʼlib, mutasaddilar bu asosda mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat olib borishmoqda. Xususan, MOQ raisi oʼrinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi xodimlar ayni paytda Qashqadaryo viloyatida boʼlib turibdi.

Mutasaddilar dastavval Qarshi shahridagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida boʼlib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishishdi. Oʼqish va mashgʼulotlar jarayonining qay tarzda tashkil etilgani, muassasaning moddiy-texnik bazasi oʼrganildi. Shuningdek, sportchilarning yotoqxonasi, ular uchun berilayotgan ovqatlar ratsioni koʼzdan kechirilib, kerakli tasviyalar berildi.

Qayd etish joiz, ushbu hududdan koʼplab yakkakurash ustalari yetishib chiqqan. Shu bois xizmat safari davomida Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Sherzod Tashmatov viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi vakillari bilan suhbatlashar ekan, bu yoʼnalishlardagi boy tajribani yanada kuchaytirish yuzasidan oʼz fikrlarini bildirdi.

Shuningdek, Qarshi shahridagi yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi ham oʼrganildi. Safar davomida murabbiylar malakasini oshirish, sportchilarning ijtimoiy holatini oʼrganish, ular uchun kerakli sharoitlarni yaratish boʼyicha tegishli koʼrsatmalar berildi.

Text to speech