1 Mart 2023 2400

“Dakar” rallisi litsenziati Anvar Ergashev Milliy avtosport va karting federatsiyasi raisi etib saylandi

Bugun MOQda Oʻzbekiston Milliy avtomobil klubining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilot nomini oʻzgartirish, uning rahbariyati tarkibini qayta shakllantirish kabi masalalar koʻrib chiqildi. Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, soha mutasaddilari ishtirok etishdi.

Kun tartibidagi dastlabki masalaga muvofiq, tashkilotning Oʻzbekiston Milliy avtomobil klubi nomi Oʻzbekiston Milliy avtosport va karting federatsiyasiga oʻzgartirildi. Shundan soʻng tashkilotga yangi rais saylandi. Unda avtosport olamida ulkan tajribaga ega boʻlgan poygachi Anvar Abdumajitovich Ergashev nomzodi ilgari surildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Oybek Kasimov tashkilot rahbari haqida fikr bildirar ekan, ushbu sport turi yoshlarimiz orasida katta qiziqishga sabab boʻlayotgani, ulkan tajribaga ega mutaxassisning saʼy-harakatlari bilan kelgusida xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qiladigan yangi nomlar yetishib chiqishiga umid bildirdi. Shuningdek, Avaz Karimov ham Anvar Ergashevning kelgusidagi faoliyatiga omad tiladi.

Oʻz navbatida, Anvar Abdumajitovich bildirilgan ishonchni oqlashga, ushbu sport ommaviyligini oshirish uchun bor kuch-gʻayratini safarbar qilishga vaʼda berdi. Maʼlumot uchun, Anvar Ergashev 1973-yil tavallud topgan. Ralli va avtokross boʻyicha koʻp karra mamlakat chempioni, bir qator xalqaro musobaqalar gʻolibi, Jahon kubogi bosqichlari ishtirokchisi. Shuningdek, u oʻzbekistonlik poygachilar orasida “Dakar” rallisida ishtirok etish (2022) litsenziyasiga ega boʻlgan ilk sportchi hisoblanadi.

Tadbirda Aleksey Soy tashkilot Bosh kotibi lavozimiga saylandi. Shuningdek, Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov boshchiligidagi federatsiya kengashi tarkibi shakllantirildi. Shuning bilan, tashkilotning hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech