Mart oyining birinchi yarmida poytaxtimizda o‘tadigan xalqaro turnirlarga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi
1 mart kuni Toshkent va Farg‘ona stadionlarida 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi, 2-9 mart kunlari poytaxtimizdagi “JAR” sport majmuasida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida qitʼa chempionati, 3-5 mart kunlari “Yunusobod sport majmuasi”da dzyudo bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etadigan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnir, 12 mart kuni esa V Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi. Bugun Yoshlar siyosati va sport vazirligida qilichbozlik va dzyudo bo‘yicha nufuzli turnirlarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.
Vazir Adham Ikramov boshchilik qilgan yig‘ilishda MOQ rahbariyati, mamlakat qilichbozlik va dzyudo federatsiyalari mutasaddilari ishtirok etishdi. Federatsiyalarning masʼullari dastavval musobaqalarga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan axborot taqdim etishdi. Yoshlar siyosati va sport vaziri xalqaro musobaqalarni o‘tkazish bilan bog‘liq har bir holat bo‘yicha mutasaddilarga zarur ko‘rsatmalar berdi.
Yig‘ilishda taʼkidlanishicha, qilichbozlik musobaqalarida ishtirok etish uchun qitʼaning 38 davlatidan 700 dan ziyod, dzyudo turniriga esa 51 davlatdan 400 ga yaqin xorijlik sportchilar, hakam va murabbiylar, xalqaro sport tashkilotlari rahbarlari, ekspertlar, chet el ommaviy axborot vositalari vakillari yurtimizga kelmoqda. Ushbu musobaqalarda minglab xorijlik mehmonlarning ishtirok etishi O‘zbekiston qisqa fursatda xalqaro sport musobaqalari markaziga, qolaversa, sport turizmi rivojlangan davlatlardan biriga aylanayotganidan dalolatdir.
Yig‘ilishda mazkur sport tadbirlarida qatnashish uchun O‘zbekistonga kelayotgan chet ellik sport delegatsiyalarining joylashuvi, ularning xavfsizligi, salomatligini muhofaza qilish, mamlakatimizning tarixiy va zamonaviy maskanlarini ziyorat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, shuningdek, musobaqalarning rasmiy tadbirlariga hozirlik ko‘rish kabi qator masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tegishli tashkilotlarga aniq vazifalar belgilab berildi.