“Stranja-2023” qahramonlari tantanali kutib olindi
20-26-fevral kunlari Bolgariya poytaxtida boks boʻyicha anʼanaviy “Stranja” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. Unda munosib ishtirok etib, qatorasiga ikkinchi bor umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston terma jamoasi poytaxtimizga qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tantanali kutib olish marosimida Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari va bokschilarimizning yaqinlari ishtirok etishdi.
Mutasaddilar sportchilarimizni kutib olishar ekan, ular qayd etgan natija joriy yilning may oyida poytaxtimizda oʻtadigan jahon chempionati oldidan muxlislarda katta ishonch uygʻotganini taʼkidlashdi. Eslatib oʻtamiz, terma jamoamiz joriy turnirda 7 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza, jami 18 ta medalni qoʻlga kiritdi. Bokschilarimiz qisqa tanaffusdan soʻng dunyo birinchiligiga tayyorgarlikni davom ettirishadi.