27 Fevral 2023 1108

Taekvondo bo‘yicha terma jamoamizda xorijlik shifokor ish boshlamoqda

Joriy yil kutib turgan mas’uliyati musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etishni niyat qilgan O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi terma jamoaga ukrainalik shifokor Aleksey Chernevni jalb qildi. Bugun mutaxassis MOQ rahbariyati bilan dastlabki rejalarni muhokama qilib oldi. 

Uchrashuvda Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori Kamol Sirojitdinov, terma jamoa bosh murabbiyi Pavel Xan ishtirok etishdi. 

Qayd etish joiz, Aleksey Chernev o‘zbek sporti uchun begona emas. Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida Chernev va uning yana bir hamkasbi sportchilarimizning musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishida yordam bergan. Sherzod Tashmatov suhbat davomida sportchilarimizni joriy yil o‘tadigan jahon chempionati, Osiyo o‘yinlari va boshqa nufuzli musobaqalar kutib turgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, bu musobaqalarga tayyorgarlik uchun murabbiylar shtabi bilan ishlab chiqilgan reja haqida batafsil to‘xtaldi. 

O‘z navbatida, ukrainalik mutaxassis o‘zbek sportining potensiali haqida ijobiy fikr bildirib, terma jamoamizda ishlashdan mamnun ekanini ta’kidladi. Shuningdek, suhbat davomida tajribali mutaxassisning malakalaridan boshqa sport turlaridagi terma jamoalarda ham foydalanish, Markaz bilan doimiy hamkorlikda ishlash bo‘yicha fikr almashildi.

Text to speech