27 Fevral 2023 1153

Xorijlik ekspert ishtirokida “Suzish hamma uchun” seminari boshlandi

Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati 2022-yil Vengriyada oʻtgan suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionati doirasida Butunjahon suzish federatsiyasi bilan keng koʻlamli hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishgan edi. Unda xalqaro federatsiya mamlakatimizda suv sporti turlarini yanada rivojlantirish, mahalliy hakam va murabbiylar uchun xorijlik mutaxassislar ishtirokida seminarlar oʻtkazishi belgilangan edi. Bugun poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida ana shunday kurslardan biri boshlandi.

“Suzish hamma uchun” nomi ostida tashkil etilgan ushbu seminar xorijlik ekspert Aleksey Akatyev ishtirokida olib borilmoqda. Qayd etish joiz, ushbu mutaxassis oʻtgan yilning dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlaridagi suzish havzalarini koʻzdan kechirish barobarida Respublikamizdagi infratuzilmani oʻrgangan edi.

Joriy seminar 2 qismdan iborat boʻlib, dastlabkisi 27-fevral – 5-mart kunlari faoliyatini yaqinda boshlagan murabbiylar uchun tashkil etiladi. Shundan soʻng 6-12-mart kunlari oʻrta darajadagi trenerlarning pedagogik mahorati oshiriladi. Rejaga muvofiq, dastlab tinglovchilarga nazariy taʼlim beriladi. Shundan soʻng maʼruzalar asosida amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi.

Text to speech