Toshkent Osiyo ot sporti federatsiyasining Bosh Assambleyasini qabul qiladi
Osiyo ot sporti federatsiyasining (OOSF) Qatardagi Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli oʻtdi. Tashkilotga aʼzo 35 mamlakat milliy federatsiyalari ishtirokida kechgan tadbirda joriy yil oʻtadigan Osiyo oʻyinlari va Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, ushbu musobaqalarga otlarni xavfsiz yuborish kabi masalalar, shuningdek, 2024 yil boʻlib oʻtadigan OOSFning navbatdagi Bosh Assambleyasi mezbonini aniqlash masalasi koʻrib chiqildi. Tadbirda mamlakatimiz nomidan Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev hamda federatsiya Bosh kotibi Nodir Ibragimov ishtirok etishdi.
Qayd etish joiz, OOSFning kelgusi Bosh Assambleyasida tashkilot prezidentligi va uning oʻrinbosari lavozimlariga saylov boʻladi. Shu bois unga boʻlgan eʼtibor yuqori. Oman, Quvayt va Oʻzbekiston mamlakatlari kelgusi Bosh Assambleya mezbonligi uchun raqobatlashdi. Yakuniy qaror qabul qilinishida sportning ushbu turida chavandozlarimiz xalqaro maydonda erishayotgan natijalar, Toshkentning soʻnggi davrda nufuzli xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazgani inobatga olinib, Bosh Assambleya mezbonligi poytaxtimizga berildi.
Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari oldidan tashkil etiladigan mazkur tadbir mamlakatimizda ot sporti turlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.