Germaniyadan xushxabar!
Sport gimnastikasi boʻyicha Jahon kubogining ilk bosqichi hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli oʻtmoqda. Bugungi kun dasturidan oʻrin olgan finallarda yurtdoshlarimiz 1 tadan oltin va bronza medallarga sazovor boʻlishdi.
Oʻzining sevimli ot ustida mashq dasturida qatnashgan Abdulla Azimov 14.866 ball bilan eng yuqori ochkoni jamgʻarishga erishdi va oltin medalni qoʻlga kiritdi. Qayd etish joiz, bu Azimov uchun Jahon kuboklaridagi birinchi muvaffaqiyat hisoblanadi.
Shuningdek, Oksana Chusovitina tayanib sakrash dasturida sovrindorlar qatoridan joy oldi. Chusovitina ushbu mashqda 13.016 ball bilan bronza medali sohibi boʻldi. Dildora Aripovaning mazkur dasturdagi chiqishini hakamlar 12.416 ball bilan baholashdi va bu finalchilar orasidagi sakkizinchi koʻrsatkich sifatida qayd etildi. Aripova ertaga toʻsindagi mashqda medallar uchun kurashadi.