Oʻzbekistonlik mutasaddilar Osiyo ot sporti federatsiyasining Bosh Assambleyasida qatnashishdi
Qatar poytaxti Doxa shahrida Osiyo ot sporti federatsiyasining (OOSF) Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda mamlakatimiz nomidan Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida tashkilotning oʻtgan davr mobaynidagi moliyaviy hisoboti, sportchi va otlarni Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlariga tayyorlash dasturi tinglandi. Shuningdek, otlarni Yevropadagi musobaqalarga xavfsiz olib borib kelishning yangi tartibi eʼlon qilindi.
Assambleya davomida hamyurtlarimiz Eron, Hindiston, Pokiston, Xitoy Taipeyi va boshqa mamlakatlarning milliy federatsiyalari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, oʻzbekistonlik hakam va styuartlarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishlarini taʼminlash boʻyicha muzokaralar olib borishdi.
Bahromjon Gaziyev safar davomida Xalqaro ot sporti federatsiyasi prezidenti Ingmar de Vos, OOSF prezidenti Hamad Abdurahmon Al Attiyax, OOSF Bosh kotibi Badir Al Darvish va boshqa bir qator rasmiylar bilan mamlakatimizda ushbu sport targʻibotini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga oid uchrashuvlar oʻtkazdi.