24 Fevral 2023 1016

Beshkurashchilarimizning Minskdagi yig‘iniga nazar tashlaymiz

Zamonaviy beshkurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Belarus Respublikasidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirmoqda. Bosh murabbiy Vadim Chudnovskiy qo‘l ostidagi sportchilarimizning tayyorgarligi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari va Parij-2024 Olimpiadasining litsenzion musobaqasiga qaratilgan. 

15-fevral kuni Minsk shahriga yo‘l olgan terma jamoa mahalliy sportchilar bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Yig‘in doirasida har ikki mamlakat atletlari o‘rtasida o‘rtoqlik bellashuvlari ham tashkil etilyapti. 

Mazkur yig‘inga aynan Belarus mamlakatining tanlab olinishiga sabab joriy yilning avgust oyida Minsk shahri navbatdagi MDH o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Unda ishtirok etishi kutilayotgan yosh sportchilarimiz belaruslik raqiblarini o‘rganish barobarida, mahalliy iqlimga ham moslashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Text to speech