24 Fevral 2023 1817

V Toshkent Xalqaro marafoni Parij-2024 Olimpiadasiga yoʻllanma beradi

Bugun “Bunyodkor” stadionida 12-mart kuni oʻtkaziladigan V Toshkent Xalqaro marafoniga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonova, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili Laziz Mingishev va soha mutasaddilari, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Dastavval Shahrullo Mahmudov soʻz olib, musobaqaning mamlakatimizda ommaviy sport targʻiboti, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini yanada keng yoyishdagi oʻrni xususida toʻxtaldi. Marafonni yuqori saviyada oʻtkazish uchun olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtaldi. Shuningdek, Laziz Mingishev poygalar talabalar orasida katta qiziqish uygʻotayotgani, bu yilgi bahslarda har qachongidan ham koʻproq oliy taʼlim muassasalari qamrab olinayotgani xususida maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov marafon reglamenti va u haqidagi asosiy maʼlumotlarni gapirdi. Unga koʻra, ayni paytgacha 2200 nafardan ortiq koʻngilli musobaqada ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan. Registratsiya yakunigacha bu raqamlar 5000 nafardan oshishi, poygalarda 20 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etishi kutilayotgani haqida qoʻshimcha qildi. Shuningdek, marafon Butunjahon yengil atletika federatsiyasidan tashrif buyuradigan ekspertlar tomonidan nazorat qilinishi, unda Parij-2024 normativini bajargan atletlar Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi mumkinligini taʼkidladi.

Shundan soʻng OAV xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilishdi. Kamoliddin Roʻzimuhammedov musobaqani yanada ommalashtirish haqida toʻxtalar ekan, mobil kompaniyalar bilan hamkorlik asosida barcha abonentlarga marafon haqida maʼlumot sms tarzida yuborilishini aytdi. Shuningdek, u poytaxtimizdagi bahslar bilan bir vaqtda Respublikamizning barcha viloyatlarida “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi oʻtkazilishi, poytaxtdagi tadbir doirasida bolalar uchun alohida dastur, shuningdek, skandinavcha yurish boʻyicha ham tadbirlar oʻtkazilishini qoʻshimcha qildi.

Maʼlumot uchun, bu yilgi poygalar quyidagi masofalarda tashkil etiladi:

– Klassik marafon (42 km, 195 m);
– Yarim marafon (21 km, 97,5 m);
– 10 kmga yugurish;
– 3 kmga yugurish.

Bahslarga 12-mart kuni soat 08:00 da start beriladi.

Text to speech