22 Fevral 2023 1488

Oʻzbek futboli faxriysi Sayfiddin Irmatov 70 yoshda!

Bugun oʻzbek futbolida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan inson, koʻplab hakamlar va iqtidorli sportchilarni tayyorlagan murabbiy Sayfiddin Irmatov yubiley 70 yoshni qarshi olmoqda. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida oʻtgan tadbirda futbol faxriysi munosib taqdirlandi. Unda MOQ, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (OʻFA), Sport faxriylari kengashi rahbariyati ishtirok etishdi.

Tadbirni Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ochib berar ekan, Sayfiddin Gaziyevichning oʻzbek futboli rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida toʻxtaldi. U yetishtirgan shogirdlar, murabbiylik va hakamlik faoliyati haqida iliq fikrlar bildirdi. Shuningdek, OʻFA, Kasaba uyushmalarining jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi mutasaddilari ham kun qahramonini yubiley ayyom bilan qutlab, esdalik sovgʻalarini taqdim qilishdi. Oʻz navbatida, Sayfiddin Irmatov koʻrsatilgan eʼtibor va bunday gʻamxoʻrlikdan mamnun boʻlganini, bundan keyin ham yurtimiz futboli rivoji uchun qoʻlidan kelgancha yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.

Maʼlumot uchun, Sayfiddin Gaziyevich Irmatov 1953-yil 22-fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Bolaligidan futbolga mehr qoʻyib, millionlar oʻyini bilan shugʻullanib kelgan. Jumladan, yoshlik davrlarida “Paxtakor”, “Spartak” va “Avtomobilchi” jamoalarida toʻp tepgan. Shundan soʻng Sayfiddin Gaziyevich “Paxtakor” bolalar-oʻsmirlar sport maktabi va xalq orasida “Chigʻatoy” nomi bilan mashhur boʻlgan futbol boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yosh bolalarga futboldan saboq bergan. Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida samarali mehnat qilgan.

Sayfiddin aka faoliyati davomida koʻplab isteʼdodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qoʻshgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish boʻyicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Irmatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin. Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Yaroslav Krushelniskiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982-yilda tugʻilgan futbolchilardan iborat Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Sayfiddin Irmatovni tugʻilgan kuni bilan tabriklab, unga uzoq umr va sihat-salomatlik tilaydi.

Text to speech