21 Fevral 2023 981

Gimnastikachilarimiz Jahon kubogining birinchi bosqichiga yoʻl olishdi

Sport gimnastikasi boʻyicha yangi mavsum boshlanmoqda. Germaniyaning Kotbus shahri 23-26-fevral kunlari Jahon kubogining birinchi bosqichiga mezbonlik qiladi.

Bugun mazkur turnirda ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasi Germaniyaga yoʻl oldi. Bellashuvlarda Oksana Chusovatina, Dildora Aripova, Abdulla Azimov, Abdulaziz Mirvaliyev va Ravshan Komiljonov yurtimiz sharafini himoya qilishadi.

Qayd etish joiz, murabbiylar shtabi bundan keyin Qatarda oʻtadigan ikkinchi bosqichga ham ushbu tarkibni tanlab olgan. Hozircha Ozarbayjon va Misrda oʻtadigan yakuniy bosqich haqida aniq maʼlumot berilmagan. Biroq har bir ishtirokchida kuzda Belgiyada oʻtadigan dunyo birinchiligiga yoʻllanma olish uchun yetarlicha imkoniyat mavjud. Eslatib oʻtamiz, Yevropadagi jahon chempionatida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalar oʻynaladi.

Text to speech