Batumida sablyachi qizlarimizga teng keladigani topilmadi
Ortda qolgan hafta Yevropaning bir qator shaharlarida qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogining navbatdagi bosqichi o‘tkazildi. Quvonarlisi, Gruziyaning Batumi shahrida o‘tgan sablyachi qizlar o‘rtasidagi bahslar O‘zbekiston terma jamoasi vakillarining g‘alabalari bilan yakunlandi.
Yakkalik bellashuvlarida hamyurtimiz Fernanda Errera barcha raqibalarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Terma jamoamiz vakillaridan Dilnaz Usnatdinova hamda Ayakoz Jumamuratova esa bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Qizlarimiz jamoaviy dasturda ham o‘z ustunliklarini namoyish etib, ushbu yo‘nalishda ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdi.
Shuningdek, rapirachi yigitlarimiz Sabadel (Ispaniya) shahridagi bahslarda ishtirok etishdi. Yakkalik bahslarida faqatgina Muhammad Yusuf Asronov chorak finalgacha yetib kela oldi. Jamoaviy dasturda esa yigitlarimiz to‘rtinchi pog‘onani band etishdi.