19 Fevral 2023 2081

Uch federatsiya rahbariyati tarkibida o‘zgarish

O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti, zamonaviy beshkurash va polo federatsiyalarining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni har uch tashkilotga rahbarlik qilayotgan Bahromjon Gaziyev olib bordi. Unda shuningdek, mazkur federatsiyalar mutasaddilari, hakamlar hay’ati a’zolari, sport fidoyilari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni ochib berar ekan, Bahromjon Gaziyev joriy yil sportchilarimizni muhim musobaqalar kutib turganini, shu bois, ularga munosib tayyorgarlik ko‘rishda alohida yondashuv talab etilishini ta’kidladi. Atletlarimizning so‘nggi davrda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari davlatimiz tomonidan sport rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi ekani haqida to‘xtaldi. 

Shundan so‘ng, kun tartibidan o‘rin olgan masalalarga o‘tildi. Dastavval, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisiga o‘rinbosarlar saylandi. Unga ko‘ra, Shavkat Sultonov (“Art Vernissage” MChJ direktori) va Viktoriya Aleksandrina (ot sporti bo‘yicha rossiyalik mutaxassis) nomzodlari bir ovozdan ushbu lavozimga ma’qullandi. Bundan tashqari, Sanjar Qurbonov (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari) zamonaviy beshkurash federatsiyasi bosh kotibi, Akmal Ergashev (“Mega Logistics Service” MChJ ta’sischisi) hamda Abdulhamid Abduvahobov (“Al-Hadaya” MChJ rahbari) esa rais o‘rinbosari, Mirziyod Majidiy (Toshkent xalqaro Vestminster universiteti departament boshlig‘i) polo federatsiyasi bosh kotibi, Rustam Hakimov va Marat Hamdamov ( har ikkimi ham “Star House” qurilish kompaniyasi ta’sischilari) ushbu federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanishdi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda mazkur sport turlarining ommaviyligini yanada oshirish, Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik, mavjud muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi. Tadbir ishtirokchilar har bir federatsiya rahbariyati tarkibiga saylangan mutasaddilarning yangi ishiga omad tilashdi.

Text to speech