Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi rahbariyatining tarkibi qayta shakllantirildi
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda federatsiya rahbariyati tarkibini qayta shakllantirish kun tartibidagi asosiy masala boʻldi.
Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Federatsiya mutasaddilari va uning hududiy vakillari, sport faxriylari ishtirok etishdi.
Konferensiyani Adham Ikramov kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, voleybolning nafaqat professional, balki ommaviy sportda ham tutgan oʻrni xususida gapirdi. Ushbu sport turi bilan shugʻullanish uchun imkoniyatlar koʻpligi, har bir taʼlim dargohlari va mahallalarda sport maydonlarining mavjudligi uning ommaviyligini oshirishda yordam berishini, oldinda katta vazifalar kutib turgani xususida toʻxtaldi. Shuningdek, Ijroiya qoʻmitasi tomonidan federatsiya raisi lavozimiga nomzodi ilgari surilgan Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov haqida ham iliq fikrlarini bildirib oʻtdi.
Dastavval, boshqa ishga oʻtgani sababli Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Abduqodir Toshqulovning oʻz xohishiga koʻra yozgan arizasi koʻrib chiqildi va delegatlar tomonidan qanoatlantirildi.
Shundan soʻng yigʻilish kun tartibidagi asosiy masalaga oʻtildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Bobojonov Poʻlat Razzoqovichning nomzodi Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi. Shu tariqa Poʻlat Bobojonov Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi etib saylandi.
Maʼlumot uchun, Bobojonov Poʻlat Razzoqovich 1961-yil Xorazm viloyatida tugʻilgan. Uzoq yillardan beri huquq-tartibot sohasida, xususan, Buxoro va Jizzax viloyatlari prokurori, Xorazm viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan. 2017-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yurityapti.
Tadbirda soʻz olganlar federatsiyaning yangi rahbariga mamlakatimizda voleybol sporti rivojini yangi darajaga olib chiqish, terma jamoalarimizni nafaqat yurtimiz, balki jahonda yetakchilar qatoriga qoʻshish yoʻlidagi ishlarida kuch-gʻayrat tilashdi. Xususan, Adham Ikramov yangi rahbarning boy tajribasi va salohiyati evaziga federatsiya ishi yanada jonlanishi, qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishi, yaqin vaqt ichida mamlakatimizda ushbu sport ommaviyligining oshishiga ishonishini taʼkidladi.
Oʻz oʻrnida, Poʻlat Bobojonov bildirilgan ishonchni oqlashga, voleybol sportini mamlakatimizda yanada ommalashtirish, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga vaʼda berdi. Poʻlat Razzoqovich ushbu sport turini yaqindan oʻrganib chiqqani, bugungi kunda terma jamoamizning jahon va Osiyo reytingida quyi pogʻonalarni egallab turgani Oʻzbekistonga mutlaqo yarashmasligini taʼkidladi. Buning uchun kelgusida terma jamoalarning xalqaro maydondagi ishtirokini koʻpaytirish, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish orqali ushbu koʻrsatkichlar yaxshilanishini maʼlum qildi.
Kun tartibiga muvofiq, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi, general-mayor Bekmurod Abdullayev federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga saylandi. Shuningdek, Farhod Alimovga 3 oy sinov muddati bilan federatsiya Bosh kotibi vazifasini vaqtincha bajarish vakolati yuklatildi.
Tadbir davomida ayni paytdagi mavjud muammolar, ularni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqilib, dastlabki rejalar kelishib olindi. Shuning bilan, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.