Yetti nafar yengil atletikachimiz qitʼa yetakchilari orasida eʼtirof etildi
Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi 2022-yil yakunlariga koʻra har bir yoʻnalish boʻyicha qitʼamizning eng yaxshi 10 ta natijasini qayd etgan sportchilar nomini eʼlon qildi. Ahamiyatlisi, unda 7 nafar hamyurtimizning ism-sharifi koʻrsatib oʻtilgan.
Ayollar oʻrtasidagi dasturlarda Safina Sadullayeva balandlikka sakrashda 1.97 m, Yekaterina Voronina yetti kurashda 6072 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Uch hatlab sakrash yoʻnalishida Sharifa Davronova 14.04 metr bilan ikkinchi oʻrinda koʻrsatilgan.
Yigitlarimizdan eng yuqori pogʻona Suhrob Xodjayevga tegishli boʻlib turibdi. Bosqon uloqtiruvchimiz 72.67 metr bilan toʻrtinchi oʻrinda qayd etilgan.
Shuningdek, balandlikka sakrovchilarimizdan Svetlana Radzivil (1.90 m) hamda Aleksandra Sharkayeva (1.88 m), 4x400 metrga aralash estafeta dasturida Artur Xarisov, Xusniddin Bannayev, Farida Soliyeva va Kamila Mirsaliyeva kvartetiga tegishli (3:31.98) natijalar ham kuchli oʻnlikda koʻrsatilgan.