16 Fevral 2023 1202

Maqsad – yilni litsenzion hududda yakunlash

Bugun MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi bilan uchrashuv oʻtkazib, Butunjahon taekvondo federatsiyasining yangilangan taqvimi asosida joriy mavsum kutib turgan musobaqalar rejasini koʻrib chiqdi. Tadbirda Pavel Xan boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabi, tibbiyot sohasi vakillari ham ishtirok etishdi.

Sherzod Tashmatov joriy yilning muhimligidan kelib chiqqan holda har bir musobaqaga alohida munosib tayyorgarlik koʻrish lozimligini taʼkidladi. Osiyo va Olimpiya oʻyinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani, bu esa atletlarimiz zimmasidagi masʼuliyatni yanada oshirishi xususida toʻxtaldi. Yil davomida oʻtadigan asosiy musobaqalarda “Fujairah Open” turniridagidek yuqori natija qayd etilish lozimligini bildirdi.

Oʻz navbatida, Pavel Xan xalqaro tashkilot taqvimi asosida terma jamoamiz vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan musobaqalar haqida maʼlumot berdi. Unga koʻra, asosiy eʼtibor jahon chempionati, Osiyo oʻyinlari va yakuniy Gran-pri musobaqalariga qaratiladi.

Suhbat davomida Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishi kutilayotgan sportchilarning taxminiy tarkibi muhokama qilindi. MOQ raisi oʻrinbosari asosiy tarkib bilan bir vaqtda zaxira sportchilarini ham tayyorlab borish, taekvondochilarimizning har bir Olimpiya vaznida litsenzion hududdan joy olishlari lozimligi haqida toʻxtaldi. Shuningdek, sportchilarning vazn tashlash jarayonini yengillashtirish uchun ularning har biriga alohida ovqatlanish ratsionini shakllantirish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berdi.

Text to speech