Isroil Madrimov va Yekaterina Voroninani tabriklaymiz!
Bugun taniqli bokschimiz Isroil Madrimov va yengil atletika boʻyicha terma jamoamiz vakili Yekaterina Voronina oʻz tavallud ayyomini nishonlashmoqda.
Isroil Modraximovich Madrimov 1995-yil 16-fevral kuni Xorazm viloyatida tugʻilgan. -75 kg vazn toifasida 2017-yilgi qitʼa chempionati va 2018-yilgi Osiyo oʻyinlari gʻolibi. Bokschimiz Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida terma jamoamiz bayroqdori boʻlgan. Ayni paytda professional boksda “The Dream” nomi ostida tanilayotgan Madrimov 9 ta jang oʻtkazdi va ularning 8 tasida gʻalaba qozongan va 1 durang qayd etgan.
Yekaterina Aleksandrovna Voronina 1992-yil 16-fevral kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Yetti kurash boʻyicha 2014-yil Osiyo oʻyinlari, 2015-yil Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan. Besh kurash va yetti kurash boʻyicha Oʻzbekiston rekordchisi. Yopiq inshootlarda 2 karra Osiyo chempioni. Rio-2016 hamda Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni ham bugungi ayyom bilan muborakbod etib, ularga mustahkam sogʻlik va yangi muvaffaqiyatlar tilab qoladi.