Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasida yangi gʻoyalar ilgari surildi
Bugun Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Shavkat Umrzoqov, federatsiyaning viloyat boʻlimlari vakillari va masʼul mutaxassislar ishtirok etishdi.
Adham Ikramov oʻz nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrda qabul qilgan “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-449-son Qarorining amaliy ijrosi haqida fikrlarini bildirdi. Vazir davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil uchun federatsiya oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalar haqida toʻxtaldi. Xususan, joriy yil kutib turgan Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga imkon qadar koʻproq litsenziya qoʻlga kiritish oldinda turgan bosh maqsad ekanini eslatdi.
Bundan tashqari, hududlarda seleksiya ishlariga katta eʼtibor qaratish, terma jamoa vakillarining shugʻullanishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, manfaatdor tashkilotlar bilan mamlakatimiz boʻylab ommaviy gimnastika musobaqalarini oʻtkazish ishlarini jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Shavkat Umrzoqov moliyalashtirish, korporativ boshqaruv va federatsiya faoliyatini tubdan yangilash, oldinga qoʻyilgan vazifalarni samarali va aniq amalga oshirish kabi yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng federatsiya rahbariyati tarkibiga kirish uchun nomzodi qoʻyilgan mutaxassislar tadbir qatnashchilarini saylovoldi dasturlari bilan tanishtirishdi. Konferensiya ishtirokchilari har bir chiqishni tinglab, dasturlarni bir ovozdan maʼqullashdi. Unga koʻra, Goʻzal Moʻminova federatsiya raisining birinchi oʻrinbosari, Bahrom Shokirov esa moliyaviy masalalar va korporativ boshqaruv yoʻnalishi boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimlariga saylandi.
Tadbir yakunida yurtimizda gimnastika turlarini rivojlantirish, federatsiya oldiga qoʻyilgan barcha vazifalarni amalga oshirish, uning hududiy boʻlimlari bilan faollikda ishlash boʻyicha takliflar ilgari surildi.