12 Fevral 2023 2143

Yengil atletikachilarimiz Osiyo chempionatini to’rtta medal bilan yakunlashdi

Qozog’istonning Astana shahrida yengil atletika bo’yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionati yakuniga yetdi. Bugun musobaqaning so’nggi kunida O’zbekiston terma jamoasi kumush va bronza medallariga ega chiqdi.

4x400 metrga yugurish bo’yicha estafeta bahsida startga chiqqan qizlarimiz ikkinchi bo’lib marra chizig’ini kesib o’tishdi. Ular qayd etgan 3:46:45 daqiqalik natija yangi milliy rekord sifatida qayd etildi. Shuningdek, uzunlikka sakrash sektorida Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi Darya Reznichenko 6.37 metr bilan bronza medaliga sazovor bo’ldi.

Shu tariqa, terma jamoamiz mazkur musobaqada 2 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronza medallariga sazovor bo’ldi. O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi atletlarimiz va ularni tarbiyalagan murabbiylarni qo’lga kiritilgan natijalar bilan qutlab, jamoamizga kelgusida ham omad va zafarlar tilab qoladi.

Text to speech