10 Fevral 2023 1470

Timur Kapadze: “Bu mavsum avvalgisidan ancha qiziqarli oʻtadi”

Ayni kunlarda futbol boʻyicha Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasining asosini tashkil etgan “Olimpik” klubi Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu yil “olimpiyachilar”ni masʼuliyatli musobaqalar qatori “Coca Cola” superligasi ham kutib turibdi. Qurʼaga koʻra, MOQ qoshida tashkil etilgan jamoa birinchi turni amaldagi chempion “Paxtakor”ga qarshi boshlaydi. Boz ustiga, ushbu bahs yangi mavsumning ochilish oʻyini ekani nafaqat jamoa muxlislari, butun oʻzbek futboli ishqibozlarining diqqat-markazida boʻladi. Eʼtiboringizga klub bosh murabbiyi Timur Kapadze bilan yangi mavsum haqidagi suhbatni havola qilamiz:

– Chempionatni “Paxtakor” bilan boshlash qanday ahamiyat kasb etadi?
– Qurʼaga koʻra, birinchi turdan “sherlar” bilan duch keldik. “Paxtakor” hozirda Oʻzbekistonning eng kuchli jamoasi ekanini amalda isbotladi. Ushbu klub bilan oʻynash har bir jamoaga qiyin. Biz bu oʻyinga yaxshi tayyorgarlik koʻrib, chiroyli futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Eng asosiysi, birinchi turdanoq imkoniyatlarimizni chamalab koʻrish nuqtayi nazaridan biz uchun juda foydali bahs boʻladi.

Yangi mavsumdan nimalar kutmoqdasiz?
– Fikrimcha, bu mavsum oldingisidan ancha qiziqarli oʻtadi. Negaki, barcha jamoalar avvalgiga qaraganda yanayam kuchaydi va oʻsdi. Shunday ekan, har bir tur oʻyinlari yuqori tempda, yaxshi saviyadagi uchrashuvlarga boy boʻladi, deb oʻylayman.

Joriy yil ham Osiyo oʻyinlari, ham ichki chempionat bahslari va turli oʻrtoqlik turnirlari bor. Bu bilan yigitlar jismonan qiynalib qolmaydimi?
– Menimcha, hammasi joyida va bunday muammo boʻlmaydi. Aksincha, bolalar hali yosh. Ularga shunday boʻlgani yaxshi. Bu yigitlarning yanada oʻsishiga, tajriba toʻplashiga poydevor boʻladi. Osiyo oʻyinlari sentyabr-oktyabr oylarida oʻtadi. Ungacha hali ancha vaqt bor. Shuningdek, oʻyinlar taqvimi ham zich emas.

– FIFA kunlari doirasida Marokashda oʻtadigan xalqaro oʻrtoqlik turnirida ishtirok etishimiz rasman tasdiqlandi. Afrikadagi turnir bizga nima beradi? Bu taklif kimdan chiqdi?
– Taklif mezbonlardan chiqdi va biz bunga rozi boʻldik. Bunday fursatdan unumli foydalanib qolish kerak. Marokashga borib, Afrikaning kuchli jamoalariga qarshi oʻynash, ular bilan tajriba almashish, kuchimizni sinab koʻrish biz uchun ancha foydali.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi 22-28-mart kunlari Marokashdagi xalqaro oʻrtoqlik turnirida Togo, Kot dʻIvuar va mezbonlar bilan bahs olib boradi.

Text to speech